Umumiy ma'lumotlar
- Viloyat bolalar kutubxonasi 1965 yilda tashkil qilingan. Kutubxona jamg`armasi 17548 nusxa kitobdan iborat bo`lgan. Kutubxonada 8ta xodim ishlagan. Kutubxonaga dastlab T.T. Andreeva rahbarlik qilgan. Viloyat Bolalar kutubxonasi viloyatdagi barcha maktab kutubxonalariga metodik markaz hisoblanadi.
- Viloyat Bolalar kutubxonasi Urganch shahrida joylashgan. 140288 ta aholidan 11214 tasini qamrab olgan. Shundan: Aholi 8%, 16 yoshgacha 8981ta, 16 yoshdan yuqori 2233tani tashkil etadi.
- Hozirgi kunda Bolalar kutubxonasi yangi jihozlar, texnik vositalar va yangi adabiyotlar, matbuot nashrlari bilan muntazam ravishda ta’minlanib borilmoqda. Umumiy kitob fondi 107756 nusxa bo`lib, shundan qog`ozli kitoblar 95756dona, elektron kitob va darsliklar 12000 donani tashkil etadi.
Blog
Yangiliklar
"Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalariga uslubiy yordam ko‘rsatish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish"
Xorazm viloyat bolalar kutubxonasi va viloyat kelajak markazi bilan hamkorlikda reja-jadval asosida "Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalariga uslubiy yordam ko‘rsatish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish" mavzusida "Zoom" platformasida onlayn seminar bo'lib o'tdi. Seminarda hududiy “Kelajak” markazlari, hududiy “Bolalar kutubxonalari” va maktab kutubxonalari o‘rtasida samarali va tizimli hamkorlikni ta’minlash masalalari ko'rib chiqildi. Seminarda Yangibozor,Yangiariq va Tuproqqal'a tuman maktab kutubxonachilar va Kelajak markazlari mutaxassislari qatnashdilar.
Yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlangan 57 yillik fidokorona mehnat
Yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlangan 57 yillik fidokorona mehnat ✅ Nazira Raxmanova uzoq yillardan buyon Xorazm viloyati Bolalar kutubxonasi direktori vazifasida samarali mehnat qilib kelmoqda. Mohir va tashabbuskor rahbar sifatida yosh avlodni maʼnaviy yetuk, bilimli va barkamol inson qilib tarbiyalash, ularning kitobga va mutolaaga qiziqishini oshirish yoʻlida salmoqli ishlar amalga oshirib kelmoqda. Uning rahbarlik davrida Bolalar kutubxonasi koʻplab yutuqlarga erishdi. Birgina misol, kutubxonaning faol kitobxonlaridan Maftuna Ochilova 2025-yilda “Yosh kitobxon” respublika tanlovida 1-oʻrinni egallab, Prezident sovgʻasi — BYD avtomobiliga sazovor boʻldi. 🔰 Uning koʻp yillik samarali mehnati, ijodkorligi, tashabbuskorligi va yosh avlod tarbiyasidagi fidoyiligi “Xalq taʼlimi aʼlochisi”, “Moʻtabar ayol”, “Xalq taʼlimi fidoyisi” koʻkrak nishonlari bilan munosib mukofotlangan. ➖ Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida esa kasbiga sadoqat, yosh avlod kelajagiga daxldorlik va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga bagʻishlangan fidokorona mehnati II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan taqdirlandi.
Adabiyot va kitobxonlik — ma’naviyat ko‘zgusi
Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senatori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid bilan kitobxonlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ma’naviyat va adabiyot ixlosmandlari jam bo‘lgan mazkur uchrashuv samimiy muloqot, she’riyat va kitobga bo‘lgan yuksak e’tibor ruhida kechdi. Tadbirda adabiyotning inson ma’naviy olamini boyitish, yosh avlod qalbida ezgulik, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishdagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritildi. Tadbirni Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazi direktori R. Qurbonov ochib, mehmonlarni samimiy qutladi hamda Sirojiddin Sayyidga sermahsul ijodiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari Gavhar Ibodullayeva hamda uyushma a’zosi Shuhrat Matkarim so‘zga chiqib, Sirojiddin Sayyid ijodidan namunalar o‘qidilar. Shoirning mazmunan teran, badiiy jihatdan yuksak va inson qalbiga yaqin she’rlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Samimiy suhbat davomida Sirojiddin Sayyid kitobxonlikning inson hayotidagi ahamiyati, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni kitobga oshno etish, badiiy adabiyotga mehr uyg‘otish borasida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Kitobning inson tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirish, ma’naviy kamolotga yetaklashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Tadbirning yana bir muhim jihati — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan olib kelingan badiiy adabiyot namunalari bir qator kutubxonalarga tuhfa etilgani bo‘ldi. Jumladan, kitoblar viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi, viloyat bolalar kutubxonasi hamda Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markaziga taqdim qilindi. Mazkur ezgu tashabbus kitob fondlarini yangi nashrlar bilan boyitish, turli yoshdagi kitobxonlarning mutolaa imkoniyatlarini kengaytirish hamda aholining kitobga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan adabiyot va kitobxonlikni targ‘ib etish, ijodkorlar bilan kitobxonlar o‘rtasidagi ijodiy muloqotlarni muntazam tashkil etish muhim ekani qayd etildi. Mazmunli suhbat, dilbar she’riyat va kitob tuhfalari bilan yodda qolgan ushbu uchrashuv adabiyotning inson qalbini ezgulikka chorlovchi, tafakkurini boyituvchi va ma’naviyatini yuksaltiruvchi qudratli kuch ekanini yana bir bor namoyon etdi.